Munosabat


Тарқатиш: Email Facebook Google LinkedIn Twitter VK VK

 

 

 

         O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va ko‘p qirrali sheriklik munosabatlari oxirgi yillarda izchil rivojlanib borayotgani, shu bilan birga, xalqlarimizning azaliy tarixiy aloqalari, mushtarak qadriyatlari va o‘xshash mentaliteti hamda bugunki kundagi do‘stona munosabatlarni katta mamnuniyat bilan qayd etib o`tishim lozim.  

       O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Budapeshtga rasmiy tashrifi Vengriyaning yirik kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuvidan boshlandi. 

      Vengriya tomonidan “OTP Bank”, “BDPST Group”, “4iG”, “Indotek”, “MVM”, “Duna Group”, “MOL Group”, “H2O Consortium”, “Inpark”, “Wizz Air” va boshqa ko‘plab kompaniyalarning top-menejerlari va ta’sischilari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida rasmiy tashrif Vengriya ishbilarmonlari bilan uchrashuvdan boshlanayotgani ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi.

        Vengriyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarning kirib  borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Masalan, “OTP Bank” O‘zbekistonning yirik banklaridan birini sotib olib, mamlakatimiz moliya bozorida barqaror o‘rin egalladi. 

        Kompaniyaning avtokreditlashni rivojlantirish uchun qo‘shma kompaniya tashkil etish, biznesni moliyalashtirish dasturini yo‘lga qo‘yish, yirik parrandachilik klasterini qurish bo‘yicha yangi rejalari qo‘llab-quvvatlandi.     

        Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va ilg‘or texnologiyalar transferini rag‘batlantirish maqsadida Toshkent viloyatida Yevropa kompaniyalari uchun maxsus sanoat zonasi tashkil etilmoqda. Ushbu hududni boshqarish Vengriyaning “Inpark” operatoriga beriladi.

      Iqtisodiy sheriklikni kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti qator ustuvor yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi. Qo‘shma loyihalarni birgalikda moliyalashtirish va tayyor mahsulotlarni uchinchi mamlakatlarning istiqbolli bozorlariga eksport qilishni qo‘llab-quvvatlash shular jumlasidan.

      Transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, xususan, yuk tashishni ko‘paytirish va ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

      Davlatimiz rahbari Vengriya kompaniyalarining qo‘shma loyihalarini amalga oshirishga qiziqishini yuksak baholadi. O‘z navbatida, biznes vakillari hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha taklif va rejalarini bildirdi.

       Uchrashuvda transport va yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish, logistika markazlari va kommunal tarmoqlarni barpo etish, qurilish materiallari, tayyor to‘qimachilik, kimyo, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarda yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

   - Biz mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi mustahkam aloqalarni rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni yaratamiz, - dedi O‘zbekiston Prezidenti.

     Tadbir yakunida davlatimiz rahbari huzurida ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha bitimlar almashish marosimi bo‘ldi.

       Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Kengaytirilgan strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar.

        Shu bilan birgalikda, O‘zbekiston-Vengriya strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda ishbilarmonlik, turizm va madaniy almashinuvlarni faollashtirish maqsadida ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

       Madaniy-gumanitar sohadagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, yetakchilar huzurida qabul qilingan qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar almashildi.  Bu uchrashuvlar albatta ikki davlat o`rtasidagi do`stona munosabatlarni mustahkamlash uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

 

Mash`al Vaisov

Xalq deputatlari Hazorasp tuman Kengashi Kotibiyat mudiri.