Hazorasp tuman hokimi Qarori
ЛОЙИҲА
Hazorasp tumanidagi aholi punktlari koʻchalari va xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
“Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi Qonunining 20-moddasi hamda “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6 va 25-moddalariga asosan
Q A R O R Q I L A M A N:
- Tuman yoʻl xavfsizlik, pudrat ta’mirlash, foydalanish korxonasi
va tuman obodonlashtirish boshqarmasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan tumanidagi aholi punktlari koʻchalari va xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin. - Tuman hokimining oʻrinbosari O.Abdirimov tuman yoʻl xavfsizlik, pudrat ta’mirlash, foydalanish korxonasi J.Saidov tuman obodonlashtirish boshqarmasi A.Roʻzmetov fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan hamkorlikda tuman xududidagi yoʻllarni saqlash, ta’mirlash xamda obodonlashtirish ishlarini tashkil etib borsinlar.
- Mazkur qaror J.Usmonova “Xazoraspnoma” gazetasida rasman e’lon qilinsin va hokimlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin, ushbu qaror rasman e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
- Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilishni tuman hokimining oʻrinbosari O.Abdirimov, tuman obodonlashtirish boshqarmasi A.Roʻzmetov va funktsional vazifalariga koʻra yoʻl sohasiga, tartib ijrosiga mas’ul boʻlgan boshqa tashkilotlar zimmasiga yuklatilsin.
Hazorasp tuman hokimi U.Masharipov.
Hazorasp tumanidagi aholi punktlari koʻchalari va xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur nizom Hazorasp tumanidagi xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllaridan qishloqlarning koʻchalaridan foydalanish tartibini belgilaydi.
- Umumiy qoidalar
- Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
Aholi punktlari koʻchalari va xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllari -transport vositalari harakatlanishi uchun moʻljallangan, ularning belgilangan tezlikda, ogʻirlikda, oʻlchamlarda muttasil va xavfsiz harakatlanishini ta’minlaydigan muhandislik inshootlari majmuasi, shuningdek ushbu majmuani joylashtirish uchun berilgan yer uchastkalari va majmua ustidagi belgilangan doiradagi boʻshliq;
Yoʻllardan foydalanuvchilar — yoʻl harakatining ishtirokchilari boʻlgan yoki ajratilgan mintaqa hamda yoʻl boʻyi mintaqasi doiralarida belgilangan tartibda ruxsat etilgan faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar;
ajratilgan mintaqa — koʻchalar va yoʻllar, ularning tegishli konstruktiv elementlari va muhandislik inshootlari, shuningdek yoʻllardan foydalanish uchun zarur boʻlgan binolar, inshootlarni joylashtirish, ihota va manzarali daraxtzorlar barpo etish uchun doimiy foydalanishga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda beriladigan yer uchastkasi;
yoʻl boʻyi mintaqasi — ajratilgan mintaqaga tutashgan, chegaralarida aholi xavfsizligini va transportning harakatlanish xavfsizligini ta’minlash uchun yerdan foydalanishning alohida shartlari belgilanadigan yer uchastkasi;
xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllari - qishloq joylardan oʻtadigan va xoʻjaliklarni oʻzaro bogʻlaydigan avtomobil yoʻllari. Xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllari (agar qonunlarda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa) tuman hokimligi ixtiyorida boʻladi.
- Tuman hududidagi yoʻllar xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllari (bundan keyin “qishloq avtomobil yoʻllari” deb yuritiladi) va Hazorasp tuman va boshqa aholi punktlarining koʻchalari (bundan keyin “aholi punkti koʻchalari” deb yuritiladi)ga boʻlinadi.
- 3. Xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllari — qishloq joylardan oʻtadigan va xoʻjaliklarni oʻzaro bogʻlaydigan avtomobil yoʻllari.
Xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllarini saqlash, qurilish-ta’mirlash va boshqa yoʻldan foydalanish bilan bogʻliq tadbirlarni amalga oshirish uchun tuman Yoʻl qurilish pudrat ta’mirlash va foydalanish korxonasi tomonidan amalga oshiriladi va bu yoʻllar mazkur korxona ixtiyorida boʻladi.
- Xoʻjalik avtomobil yoʻllari davlat yoki yuridik va jismoniy shaxslarning mulki boʻlishi mumkin. Texnologik maqsadlarga xizmat qiladigan yoʻllar, shoxobcha, xizmat, patrul va boshqa shunga oʻxshash avtomobil yoʻllari xoʻjalik avtomobil yoʻllari jumlasiga kiradi.
- Shaharlar va boshqa aholi punktlarining koʻchalari tuman, mahallalar va qishloqlar doirasida oʻtadi, mazkur koʻchalarning O’zbekiston Respublikasining umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari roʻyxatiga belgilangan tartibda kiritilgan uchastkalari bundan mustasno.
Shaharcha va boshqa aholi punktlarining koʻchalari davlat mulki boʻlib, tuman Obodonlashtirish korxonasi ixtiyorida boʻladi.
- Shahar va boshqa aholi punktlarining koʻchalari, shuningdek xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllari davlat mulki boʻlib, yoʻllardan foydalanuvchilar uchun ochiqdir. Shahar va boshqa aholi punktlarining koʻchalari, shuningdek qishloq avtomobil yoʻllari aholi ehtiyojlarini, davlatning ijtimoiy-iqtisodiy va mudofaa ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun Hazorasp tuman, massivlar hamda boshqa aholi punktlari oʻrtasida yuklar va yoʻlovchilar tashishni ta’minlaydi.
- Aholi punkti koʻchalari va qishloq avtomobil yoʻllari va ularga ajratilgan mintaqalarda harakat xavfsizligining ta’minlanganligi va toʻgʻri tashkil etilganligi, harakat xavfsizligi talablariga zid kamchiliklar
va noqonuniy qurilishlar boʻlmasligi yoʻl tashkilotlari (yoki boshqa mutasaddi idoralar) hamda tuman ichki ishlar boʻlimining davlat yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmasi (keyingi oʻrinlarda davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati deb ataladi) tomonidan nazorat qilinadi. - Aholi punkti koʻchalari va qishloq avtomobil yoʻllari va ularga ajratilgan mintaqalarning kelgusida rivojlantirish rejasini hamda mazkur joylarga quriladigan ob’ektlarning me’yoriy hujjatlar talablariga muvofiq boʻlishini nazorat qilish tuman qurilish boʻlimi tomonidan amalga oshiriladi.
II.Тuman va boshqa aholi punktlarining koʻchalaridan, shuningdek xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllarini moliyalashtirish
- Tuman va boshqa aholi punktlarining koʻchalarini, shuningdek xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllarini moliyalashtirish mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
- Xoʻjalik avtomobil yoʻllarini moliyalashtirish ular qaysi yuridik va jismoniy shaxslar ixtiyorida boʻlsa, oʻsha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
III. Aholi punktlarining koʻchalaridan va qishloq avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilarning huquqlari va majburiyatlari
- Qishloq avtomobil yoʻllari va aholi punktlari koʻchalaridan hamda ularga ajratilgan mintaqalardan foydalanish:
Qishloq avtomobil yoʻllari va aholi punktlari koʻchalaridan foydalanish O’zbekiston Respublikasining "Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida"gi qonuniga va yoʻl xarakati qoidalariga amal qilgan holda amalga oshiriladi.
- Qishloq avtomobil yoʻllari va aholi punktlari koʻchalaridan yuridik
va jismoniy shaxslar foydalanish xuquqiga ega. - Yoʻl mintaqasidagi er osti va ustidan oʻtuvchi hamda boshqa inshoot
va kommunikatsiyalarni quruvchi yoki ta’mirlovchi tashkilotlar tegishli talablarga amal qilishlari shart.
Aajratilgan mintaqadan unda ishlar bajarish uchun avtomobil yoʻli qaysi yuridik va jismoniy shaxslar ixtiyorida boʻlsa, faqat oʻsha yuridik va jismoniy shaxslarning ruxsati bilan foydalanilishi mumkin.
Ajratilgan mintaqaning uchastkalari atrof-muhitni muhofaza qilish
va harakat xavfsizligi qoidalari talablarini ta’minlash sharti bilan servis ob’ektlarini joylashtirish uchun vaqtincha foydalanishga belgilangan tartibda berilishi mumkin.
- Aholi punkti koʻchalari va qishloq avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilarning huquqlari:
yoʻllardan mutassil, yil davomida, xavf-xatarsiz, erkin va qulay sharoitlarda harakatlanish;
aholi punktlari koʻchalari va qishloq avtomobil yoʻllari sharoitlari toʻgʻrisidagi barcha axborotlarni olish;
yoʻllardagi nosozliklar tufayli etkazilgan zararni belgilangan tartibda undirib olish;
yoʻllarda yoʻl xarakati qoidalariga asosan belgilangan tezlikda xarakatlanish.
- 15.Yoʻllardan foydalanuvchilarning majburiyatlari:
yoʻllar va undagi sun’iy inshootlarga ziyon etkazmaydigan, harakat xavfsizligi talablariga javob beradigan, texnik jihatdan soz mashina
va transport vositalaridan foydalanish;
yoʻlga ajratilgan mintaqani ifloslantirmaslik va yoʻlga shikast etkazmaslik;
yoʻl elementlari shikastlanishiga yoʻl qoʻygan foydalanuvchilar, belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi hamda shikastlangan elementlarni va ularni tiklash ishlari qiymatini qoplaydi;
avtomobil yoʻlida transport vositasi qatnovi, yoʻl xarakati qoidalariga asosan faqat yoʻlning qatnov qismida, xarakat yoʻnalishi boʻyicha oʻng tamonda xarakatlanishiga ruxsat etiladi;
yoʻl xarakati ishtirokchilari avtomobil yoʻllarida va yoʻl inshootlarida xarakat xavfsizligiga zid nosozliklar va buzilishlarni koʻrishganida, bu xaqda yaqindagi yoʻl tashkilotlari yoki ichki ishlar organlariga zudlik bilan xabar berishlari shart.
- Yoʻl boʻyida amaldagi me’yoriy hujjatlar talablari asosida joylashgan bozorlar, savdo va xizmat koʻrsatish va boshqa ob’ektlar boʻlsa, ulardan foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar transport vositalari uchun barcha qulayliklarga ega, kirish va chiqish yoʻllari boʻlgan maydonlar va transport vositalarini vaqtincha saqlash joylari boʻlishini hamda yoʻl mintaqasini toza holda saqlashni belgilangan tartibda ta’minlashi shart.
- Aholi punktlari koʻchalari va qishloq avtomobil yoʻllari hamda ularning xavfsizlik mintaqalarida quyidagilar ta’qiqlanadi:
avtomobil yoʻllari va ulardagi sun’iy inshootlarni saqlashga va harakat xavfsizligini ta’minlashga taalluqli boʻlmagan boshqa bino va inshootlarni qurish;
yoʻllarga, yoʻl inshootlari, yoʻl belgilari va koʻrsatkichlariga, harakatlanishni tashkil etuvchi va boshqaruvchi texnik vositalarga hamda yoʻlga taalluqli boshqa narsalarga ziyon etkazish;
harakatlanish vaqtincha toʻxtatilgan yoʻl qismlaridan transport vositasida maxsus ruxsatnomasiz oʻtish;
asfaltobeton va tsementobeton qoplamali yoʻllarda zanjirli transport vositalarining maxsus himoyalovchi boshmoqlarsiz harakatlanishi,
katta hajmli va ogʻir vaznli, havfli yuklarni tashishda oʻrnatilgan qonun-qoidalarga asosan maxsus ruxsatnomasiz xarakatlanishi;
podalarni haydab oʻtish, (podalarni faqat belgilangan va tegishli yoʻl belgisi qoʻyilgan joydan haydab oʻtishga ruxsat etiladi) va ularni boqish;
qatnov qismi va yoʻl chetini, koʻpriklarni, quvurlarni, ariqchalarni, suv qochirish inshooti (drenaj) qurilmalarini ifloslantirish, yoʻllarga
va ajratilgan mintaqaga toʻkilib-sochiladigan yuklarni belgilangan idishlarga joylashtirmasdan tashish;
yoʻnalishlarni ajratuvchi tasmaga barcha turdagi transport vositalarining chiqishi;
yoʻl va yoʻl inshootlarini har qanday elementlar bilan, aravalar, texnikalar, materiallar va boshqalar bilan toʻsib qoʻyish, arkalar, shlagbaumlar
va boshqa inshootlar qurish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini quritish, har xil materiallarni taxlab qoʻyish, chiqindi va qorlarni uyib qoʻyish;
transport vositalarini ta’mirlash va moylash, yonilgʻi-moylash materiallarini quyish, yuk ortish va yuk tushirish, yukni boshqa texnikaga ortish va mahkamlash, tozalash va yuvish (ilojsiz holatlarda ular yoʻldan chiqib, ajratilgan tasma hududida bunday ishlarni amalga oshirishi mumkin, biroq haydovchi yoki transport vositasi egasi shu joyni darhol tozalab qoʻyishi shart);
ajratilgan mintaqada hamda koʻpriklardan, yoʻl oʻtkazgichlardan
va estakadalardan 200 metrgacha boʻlgan masofalarda lagerlar, palatkali shaharchalar barpo etish va olov yoqish;
daryolar va anhorlarning koʻpriklari ostida qayiqlar stantsiyasi, qayiqlar toʻxtash joyi va boshqa inshootlar qurish;
koʻpriklar, yoʻl oʻtkazgichlar va boshqa sun’iy inshootlar ostida va ustida yoʻl infrastrukturasiga bogʻliq boʻlmagan bino va inshootlarni qurish;
daryolardagi koʻpriklardan oʻzan boʻylab yuqoriga va pastga qarab 2,5 km. gacha boʻlgan masofada qum va toshlar olish uchun karerlar barpo etish;
yer shoʻrini yuvish, yoʻl chetidagi ariqchalardan sugʻorish uchun foydalanish, madaniy qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish, yashil mintaqani sugʻorish kabi ishlarda avtomobil yoʻllarini suvga bostirish, ajratilgan mintaqani balchiqlantirish;
suv qochiruvchi inshootlarga va zaxira yerlarga kanalizatsiya, ishlatilgan melioratsiya va oqova suvlarni oqizish;
yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarining avtomobil yoʻllarini kesib oʻtish joylarini elektr simi uzilib, yoʻl qismiga tushishiga qarshi xavfsizlikni ta’minlovchi himoya qurilmalarisiz qurish.
- Aholi punktlari koʻchalari va qishloq avtomobil yoʻllariga tutash yer uchastkalarining mulkdorlari, egalari va ulardan foydalanuvchilar majburiyatlari:
avtomobil yoʻliga qoʻshiladigan va shoxobcha yoʻllarni texnik jihatdan soz holatda saqlashlari;
ajratilgan mintaqadagi dov-daraxtlarni asrash va saqlashga koʻmaklashishlari;
aholi punktlari koʻchalari va qishloq avtomobil yoʻllari yoʻliga tutash butalarni parvarish qilishlari va imoratlarni soz holatda saqlashlari;
aholi punktlari koʻchalari va qishloq avtomobil yoʻllari oʻqidan ellik metrdan kam boʻlgan masofada toshlar, shox-shabba, konstruktsiyalar
va boshqa materiallar toʻplanishiga yoʻl qoʻymasliklari shart.
- Aholi punktlari koʻchalari va qishloq avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilarning yoʻlni balansda saqlovchi tashkilotlar bilan kelishmasdan quyidagilarni amalga oshirishi ta’qiqlanadi:
katta hajmli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashish;
yoʻllarni kanallar, aloqa va elektr energiyasi uzatuvchi tarmoqlar, neft
va gaz oʻtkazuvchi quvurlar hamda temir yoʻllar bilan kesib oʻtish;
yoʻllarga qoʻshiluvchi va shaxobcha yoʻllar qurish;
koʻpriklar va suv oʻtkazuvchi quvurlar yaqinida melioratsiya hamda boshqa maqsadlar uchun daryolar va zovurlarning oʻzanlarini chuqurlashtirish;
yoʻllarga qoʻshilib ketgan shlyuzlar, toʻgʻonlar va boshqa melioratsiya hamda gidrotexnika inshootlarini ta’mirlash;
ajratilgan mintaqada yoʻl axborotiga aloqasi boʻlmagan reklama, e’lonlar oʻrnatish va joylashtirish;
yoʻllarning chetlarida, yoʻl koʻtarmalari yoki oʻymalari qiyaliklarida joylashgan foydalanishdagi aloqa va elektr energiyasi uzatish, xamda neft va gaz oʻtkazuvchi quvurlar tarmoqlarini ta’mirlash;
ajratilgan mintaqada ruxsatsiz koʻkalamzorlashtirish ishlarini olib borish;
yoʻllarda sport musobaqalari va ommaviy tadbirlar oʻtkazish;
yoʻllardan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va quritish maqsadlarida foydalanish;
yoʻllarda transport va piyodalar xarakatiga ta’sir oʻtkazuvchi barcha ishlarni olib borish.
- Yer osti va usti muxandislik kommunikatsiyalar yoʻl mintaqasi yoqalab oʻtkazilishi yoʻllarni balansda saqlovchi vakolatli tashkilotning ruxsati bilan, amaldagi me’yoriy hujjatlarda belgilangan qoidalar talablari asosida amalga oshiriladi. Birorta kommunikatsiya tarmoqlarining toʻgʻridan–toʻgʻri yoʻl toʻshamasida joylashtirilishi taqiqlanadi.
- Aholi punktlari koʻchalari va qishloq avtomobil yoʻllari mintaqalarida servis va infratuzilma ob’ektlarini joylashtirish yilni balansda saqlovchi tashkilot va tuman hokimligi ruxsati bilan, belgilangan tartibda tegishli idora va tashkilotlar bilan kelishilib, oʻrnatilgan tartibda amalga oshiriladi.
- Ajratilgan mintaqaning uchastkalari atrof-muhitni muhofaza qilish va harakat xavfsizligi qoidalari talablarini ta’minlash sharti bilan servis ob’ektlarini joylashtirish uchun vaqtincha foydalanishga belgilangan tartibda beriladi.
IV.Aholi punktlari koʻchalari va qishloq avtomobil yoʻllarida transport vositalarining ruxsat etilgan gabaritlari va oʻqiga tushadigan yuklamalari
- Aholi punktlari koʻchalari va qishloq avtomobil yoʻllarida transport vositalarining ruxsat etilgan gabaritlari va oʻqiga tushadigan yuklamalari umumfoydalanishdagi avtomobil yoʻllariga belgilangan me’yorlarga muvofiq belgilanadi.
- Aholi punktlari koʻchalari va qishloq avtomobil yoʻllari transport xarakatini vaqtincha cheklash va toʻxtatish holatlari
- Aholi punkti koʻchalari va qishloq avtomobil yoʻllarida transport harakati quyidagi hollarda vaqtincha cheklanishi va toʻxtatilishi mumkin:
aholi punktlari koʻchalari va qishloq avtomobil yoʻllari qayta qurish, mukammal ta’mirlash va ta’mirlashda;
noqulay tabiiy iqlim sharoitlarida yoʻllar va uning ayrim boʻlaklaridagi konstruktiv elementlarning koʻtarish imkoniyati pasayganida va boshqa holatlarda yoʻl harakati xavfsizligini ta’minlashda.
- Aholi punktlari koʻchalari va qishloq avtomobil yoʻllarida transport xarakati vaqtinchalik cheklansa yoki toʻxtatilsa, yoʻlni balansda saqlovchi
va ta’mirlovchi tashkilot ushbu holat yuzasidan yoʻldan foydalanuvchilarni ogohlantirishi shart. - Yoʻllarda harakatlanishni vaqtincha chegaralash yoki toʻxtatish tegishli yoʻl tashkilotlari tomonidan, Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati organlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
- Ommaviy tadbirlar oʻtkazish paytida esa yoʻllarda harakatlanishni vaqtincha chegaralash yoki toʻxtatish uchun tuman hokimining farmoyishi boʻlishi lozim.
- Transport harakati vaqtinchalik cheklangan yoki toʻxtatilgan avtomobil yoʻllarida foydalanuvchilarni nazorat qilish davlat nazorat organlari tomonidan berilgan vakolatlar chegarasida amalga oshiriladi.
- Noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida joriy qilinadigan vaqtinchalik transport harakat cheklovlari:
yoʻllarning qurilmaviy elementlari oʻta namlangan bahor mavsumida;
yoʻllar qurilmaviy elementlarining oʻta yuqori havo harorati ta’sirida yuk koʻtarish imkoniyati susaygan yoz mavsumida;
- Bahor mavsumida harakatni vaqtinchalik cheklash amaldagi transport vositasi oʻqiga tushadigan yuklamani cheklovchi tegishli yoʻl belgilarini oʻrnatish orqali dalolatnoma asosida amalga oshiriladi.
Bahor mavsumida quyidagi holatlarda harakatni vaqtinchalik cheklash joriy qilinmaydi;
barcha yoʻnalishlardagi avtobuslarda yoʻlovchilar tashishda;
oziq-ovqat mahsulotlari, hayvonlar, dori-darmonlar, yoqilgʻi-moylash materiallari, urugʻlik fondi, oʻgʻitlar, pochta va pochta yuklarini tashishda;
tabiiy ofatlarni tugatish yoki oldini olish yohud favqulodda vaziyatlarda kerakli yuklarni tashishda;
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga tegishli transport vositalarining oʻtishida.
- Aholi punkti koʻchalari va qishloq avtomobil yoʻllarini saqlash va ta’mirlashda yoʻl tashkilotlarining huquq va majburiyatlari
- 31. Aholi punktlari koʻchalari va qishloq avtomobil yoʻllarini saqlash
va ta’mirlashda yoʻl tashkilotlarining xuquqlari:
Yoʻl tashkilotlari Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati va Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy organlari bilan hamkorlikda noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida, tabiiy ofatlar, yongʻinlarda yoʻllarning yuk koʻtarish imkoniyatining yoʻqolishi va boshqa shu kabi vaziyatlarda, shuningdek, tamirlash-qurilish ishlarini oʻtkazishda transport vositalari harakatini cheklash yoki ta’qiqlash hamda bu haqda tuman hokimligini xabardor qilish, avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilarga ommaviy-axborot vositalari orqali bildirish va tegishli yoʻl belgilarini oʻrnatish huquqiga egadirlar.
- Aholi punktlari koʻchalari va qishloq avtomobil yoʻllarini saqlash
va ta’mirlashda yoʻl tashkilotlarining majburiyatlari:
tasarrufidagi yoʻllar va koʻchalar hamda muhandislik inshootlarini soz holatda saqlash va yoʻldan transport vositalarining muttasil hamda xavfsiz oʻtishlarini ta’minlash;
tasarrufidagi yoʻllar va koʻchalarda muhandislik inshootlarini me’yoriy talablar asosida saqlash va ular holatini yaxshilash boʻyicha tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqish;
yoʻllarni va yoʻl inshootlarini qish mavsumida tezkorlik bilan qordan tozalash, muzlamalar oldini olish va yoʻlning ifloslanmaslik choralarini koʻrish;
yoʻlning nobop boʻlaklari talab darajasida jihozlanishini, kechasi
va kunduzi yaxshi koʻrinadigan toʻsiqlar, yoʻl belgilari va tegishli koʻrsatkichlar oʻrnatilgan boʻlishini, zarur hollarda esa aylanib oʻtish yoʻllarini tashkil etish;
yoʻlning ayrim boʻlaklaridagi xavfli vaziyat va qiyin ob-havo haqidagi ma’lumotlar boʻyicha harakat qatnashchilarini oʻz vaqtida ogohlantirish;
yoʻl sharoiti bilan bogʻliq yoʻl-transport xodisalarini doimiy oʻrganib borish, xodisa sabablarini tahlil qilish va Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati bilan uzviy hamkorlikda harakat xavfsizligini ta’minlash boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish;
halokat sodir boʻlgan vaziyatlarda u haqda tegishli davlat organlarini xabardor qilish, jabrlanuvchilarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish va tez yordam xizmatini chaqirish;
yoʻl qatnov qismining qurilish materiallari bilan toʻsilib qolishiga yoʻl qoʻymaslik, ishlamayotgan yoʻl mashina va mexanizmlarini oʻz vaqtida yoʻldan chiqarib qoʻyish;
avtobus bekatlarida yoʻlovchilarni chiqarish va tushirish maydonlari boʻlishini ta’minlash, zarur hollarda avtopavilonlar qurish;
haydovchilarning dam olishi uchun belgilangan joylarda transport vositalari turishi uchun tegishli shart-sharoitlari boʻlgan maydonchalar tashkil etish;
yoʻl belgilarini amaldagi davlat standartiga asosan oʻrnatish, harakatlanish uchun xavfli boʻlgan uchastkalarni zarur toʻsiqlar va qurilmalar bilan jihozlash;
amaldagi texnik me’yorlarga asosan avtomobil yoʻllari bilan bir sathda kesishgan temir yoʻl kesishmalarini saqlash.
- Yoʻl mintaqasi yoki unga tutash joylarda xar qanday ish olib borayotgan yuridik va jismoniy shaxslar bajarayotgan ishlarini yoʻl tashkiloti va Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining tavsiya va koʻrsatmalari asosida belgilangan muddatlarda tamomlashga va ish olib borayotgan yoʻl boʻlaklaridagi harakat xavfsizligiga toʻliq javobgardirlar. Ular ish boshlashdan oldin yoʻl tashkilotidan tegishli ruxsatnoma(order) olishi shart.
- Ta’mirlash ishlari olib borilayotgan joylardagi harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida yoʻl tashkilotlari tegishli chora-tadbirlar koʻrishi lozim.
- Ta’mirlash ishlari olib boriladigan yoʻl qismiga ta’mirlashni boshlashdan oldin vaqtinchalik yoʻl belgilari, signallar, konuslar, rangli bayroqchali bogʻichlar, toʻsuvchi va yoʻnaltiruvchi moslamalar, ishora ustunchalari, ogohlantiruvchi qizil chiroqlar yordamida toʻsib muhofazalanadi va ta’mirlanayotgan joyni aylanib oʻtish yoʻllari tashkil etiladi.
- Harakatlanishni tashkil etishning texnik vositalari yoʻl ishlari olib borilayotgan joylarni toʻsiqlar bilan oʻrash va mazkur joylarda harakatlanishni tashkil etish Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati bilan kelishilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
- Ta’mirlash ishlari olib borilayotgan joylarda ishlar tugallangunga qadar xavfsiz harakatlanishni tashkil etish mas’uliyati mazkur ishlarni amalga oshirayotgan tashkilot rahbarlari zimmasida boʻladi.
VII. Aholi punktlari koʻchalari va qishloq avtomobil yoʻllari mintaqalaridagi yerlardan foydalanish
- Aholi punktlari koʻchalari va qishloq avtomobil yoʻllari va yoʻl inshootlarini joylashtirish uchun ajratilgan mintaqa yoʻllar va koʻchalar yerlari deb belgilangan. Yoʻl va koʻchalar, ular egallab turgan er davlat mulki xisoblanadi.
- Aholi punktlari koʻchalari va qishloq avtomobil yoʻllari va ular egallab turgan mintaqa erlariga yoʻl poyi egallab turgan er, transport chorraxasi, yoʻl oʻtkazgich, sun’iy inshootlar, karerlar, yoʻlga xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarning xizmat va yotoq binolari, mintaqadagi dekorativ daraxtlar, buta va boshqa daraxtlar, yoʻl infrastrukturasiga kiruvchi boshqa inshootlar erlari kiradi.
VIII. Vakolatli organlar tomonidan yoʻllar va uning mintaqasini nazorat qilish tartibi
Yoʻllardan foydalanishda sodir boʻlgan va transport vositalari harakatlanishiga toʻsqinlik qiluvchi hamda harakat xavfsizligiga zid kamchiliklarni tezkorlik bilan bartaraf etish uchun amalga oshiriladigan kundalik nazorat Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tomonidan amalga oshiriladi.
- Yoʻllar va koʻchalarni balansda saqlovchi tashkilotlar Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati bilan yoʻllarini bir yilda ikki marta (bahor
va kuzda) mavsumiy koʻrikdan oʻtkazib, uning natijasiga koʻra chora-tadbirlar ishlab chiqadi.
Koʻrik davomida aniqlangan kamchiliklar va noqonuniy qurilishlar yuzasidan Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tomonidan tegishli tashkilotlarga yozma koʻrsatmalar va tuman hokimligiga taqdimnomalar kiritiladi. Yozma koʻrsatmalar va taqdimnomalar olgan tegishli tashkilotlar zudlik bilan, oʻz vakolati doirasida aniqlangan kamchiliklarni va noqonuniy qurilishlarni bartaraf etish choralarini koʻradi.
- Aholi punktlari koʻchalari va qishloq avtomobil yoʻllariga tutash yer uchastkalarining mulkdorlari, egalari va ulardan foydalanuvchilarning majburiyatlari
- Yoʻllarga tutash yer uchastkalarining mulkdorlari, egalari
va ulardan foydalanuvchilar:
yoʻllarga qoʻshiladigan va shoxobcha yoʻllarni texnikaviy jihatdan soz holatda saqlashlari;
ajratilgan mintaqadagi dov-daraxtlarni asrash va saqlashga koʻmaklashishlari;
yoʻllarga tutash butalarni parvarish qilishlari va imoratlarni soz holatda saqlashlari shart.
- 43. Aholi punkti koʻchalari va qishloq avtomobil yoʻliga tutash yer uchastkalarining mulkdorlari, egalari va ulardan foydalanuvchilar yoʻl oʻqidan ellik metrdan kam boʻlgan masofada toshlar, shox-shabba, konstruktsiyalar va boshqa materiallar toʻplanishiga yoʻl qoʻymasliklari shart.
- Boshqa davlatlarga yuk tashuvchilarning tuman hududiga avtomobilda kirish-chiqish tartibi
- Xorijiy davlatlarga yuk tashuvchilarning tuman hududiga avtomobilda kirishlari, boʻlishlari, yuk olib oʻtishlari va undan chiqib ketishlarining tartibi Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga asosan amalga oshiriladi.
Yoʻl harakati qoidalari yoki yuk tashish shartlariga rioya qilmaslik oqibatida yoʻl inshootlariga etkazilgan zarar uchun transport haydovchisi amaldagi qonunchilikka muvofiq javob beradi.
- Aholi punktlari koʻchalari va qishloq avtomobil yoʻllaridan foydalanish tartibini buzganlik uchun javobgarlik
- Aholi punktlari koʻchalari va qishloq avtomobil yoʻllaridan foydalanish tartibiga rioya qilinmaganligi uchun yuridik va jismoniy shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
XII. Yakuniy qoidalar
- Aholi punktlari koʻchalari va qishloq avtomobil yoʻllari sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.