Aholini roʻyxatga olishning davriy jihatlari


Тарқатиш: Email Facebook Google LinkedIn Twitter VK VK

 

Aholini roʻyxatga olish 2023-yilda oʻtkazilishi kerak edi, lekin obyektiv sabablarga koʻra qoldirildi.

    Bugungi kunda Oʻzbekistonda aholini roʻyxatga olish ishlarini amalga oshirish 2025-2026-yillarda oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda. Aholini roʻyxatga olish natijalarini tayyorlash va eʼlon qilish ishlari 2026-2027-yillarga moʻljallanmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasida aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish ishlarini quyidagi yoʻnalishlarda tizimli davom ettirilmoqda:

  • aholini roʻyxatga olishni aholining keng ommasiga tushuntirish boʻyicha targʻibot-tashviqot ishlarida foydalanish uchun videorolik, banner, flayer va bukletlar tayyorlash;
  • 2021-yilda oʻtkazilgan sinov natijalari va xalqaro ekspertlarning tavsiyalari asosida aholini roʻyxatga olish savolnomalari shakllarini takomillashtirish;
  • xalqaro tajriba va ekspertlarning tavsiyalari asosida “Aholini roʻyxatga olish” axborot tizimini takomillashtirish;
  • “STATA” amaliy dasturiy paketi litsenziyasini xarid qilish va unda roʻyxatga olish natijalarining chiquvchi jadvallari namunalarini shakllantirish;
  • aholini roʻyxatga olishning tashkiliy rejasini ishlab chiqish.

Shuningdek, Statistika agentligi qishloq xoʻjaligi sohasida ham roʻyxatga olish ishlariga tayyorgarlik koʻrmoqda. Qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishni tashkil etishda quyidagi chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan:

  • 2024-2025-yillarda qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni amalga oshirishga doir uslubiy hujjatlarni ishlab chiqish;
  • 2024-2025- yillarda 2022-yilda oʻtkazilgan sinov natijalari asosida qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish savolnomalari shaklini takomillashtirish;
  • 2024-2025- yillarda qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha xorijiy davlatlar tajribalarini oʻrganish;
  • 2025-2026- yillarda qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish yuzasidan targʻibot-tashviqot ishlarini tashkil etish;
  • 2027-2028- yillarda Oʻzbekiston Respublikasida qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish ishlarini amalga oshirish yuzasidan normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash.

Aholini roʻyxatga olish aholi soni, jinsi va yosh tarkibi, yashash sharoiti va migratsiyasining toʻliq tasvirini shakllantiradi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti aholini kamida 10 yilda bir marta roʻyxatga olishni tavsiya qiladi. Aholini roʻyxatga olish milliy siyosatni ishlab chiqish va rejalashtirish, shuningdek, mamlakat rivojlanishini kuzatish uchun asosiy axborotlarni taqdim etadi.

Aholining turar joy, uy-roʻzgʻor buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim kechak, tibbiy asbob-uskunalari va dori-darmonlar, ijtimoiy xizmatlar, ish oʻrinlariga boʻlgan talab uchun muhim ahamiyatga axborotlarni aholi toʻgʻrisidagi ishonchli maʼlumotlar asosidagina aniqlash mumkin.

Aholini roʻyxatga olish haqiqatda yashayotgan aholi toʻgʻrisida nafaqat butun mamlakat boʻylab, balki mintaqalar kesimida ham maʼlumot beradi. Aholi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar turli maʼmuriy manbalarda va davlat idoralarining maʼlumotlar bazalarida mavjud, biroq ularning barchasida axborot toʻliq emas. Bu toʻliq tasvirni shakllantirish imkonini bermaydi.

Misol uchun fuqarolarni rasmiylashtirish va migratsiya boʻlimlarida fuqarolarning roʻyxatga olingan joyi toʻgʻrisida maʼlumotlar bor, aslida esa bu odamlar boshqa manzilda, viloyatda yoki mamlakatda yashashi mumkin. Shuningdek, saylovchilar roʻyxatlarida ham aholi toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotlar boʻlmasligi mumkin.

Aholini roʻyxatga olish makroiqtisodiy koʻrsatkichlarni kelgusi 10-20 yillik davrga prognoz qilish uchun ham zarur. Statistik maʼlumotlar manzilli dasturlarni ishlab chiqish, fuqarolar salomatligini mustahkamlash, oilalarga moddiy koʻmaklashishda muhim ahamiyatga ega. Aholini roʻyxatga olish maʼlumotlari davlat maktablari, kutubxonalar, sogʻliqni saqlash markazlari, shuningdek, energiya resurslari va suv taʼminotiga boʻlgan ehtiyojni koʻrsatib beradi. Aholini roʻyxatga olish natijalari hukumat tomonidan mahalliy hokimiyat organlariga ajratilishi zarur boʻlgan mablagʻ miqdorini aniqlashga yordam beradi.

Aholini roʻyxatga olish tadbirkorlik rivojiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Aholi soni va daromadi, uning turar-joyga boʻlgan ehtiyoji toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga ega boʻlgan holda, masalan, maishiy texnika ishlab chiqaradigan korxonalar ishlab chiqarish hajmini prognoz qilishlari mumkin, ularni import qiluvchi kompaniyalar esa xaridlarni rejalashtirishlari va zararni minimallashtirishlari mumkin.Aholini roʻyxatga olish mamlakatlar uchun eng yirik statistik tadbir hisoblanadi. Uni oʻtkazish xarajatlari statistika organlarining yillik joriy byudjetlaridan sezilarli darajada oshadi.

Demak, aholini roʻyxatga olish qanchalik ortga surilsa, aholi toʻgʻrisida ilmiy asoslangan siyosat va investitsiya dasturlarini ishlab chiqish imkonini beradigan muhim maʼlumotlarni olish imkoniyatidan shunchalik uzoqlashamiz.